Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida bo'ldi

  Mamlakatimiz ta’lim tizimini zamon talablariga moslash hamda Oliy ta’limda xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universitetida ham bu borada qator chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan.

  Joriy yilning 19 – 26-mart kunlari SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining qator oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlariga rasmiy tashrifni amalga oshirdilar. Safardan ko‘zlangan maqsad bugungi kunda nafaqat Xitoyda balki, Osiyo va jahon universitetlari reytinglarida yuqori pog‘onalarda turuvchi nufuzli ta’lim dargohlarining ilg‘or tajribalari bilan tanishish, ta’lim tizimidagi yutuq va muvaffaqiyatlarni o‘rganish asnosida o‘zaro hamkorlik o‘rnatishdan iborat edi.

  SamDTU delegatsiyasini Shinjon universiteti rektori, professor Xaji Akber Aisa kutib oldi. Tashrif doirasida Shinjon universiteti kampusi, o‘quv jarayonlari, laboratoriya mashg‘ulotlari, simulyatsion markazdagi dars jarayonlari hamda universitet kutubxonasi faoliyati bilan tanishildi. Tashkil etilgan o‘zaro muloqot doirasida ko‘pgina loyihalar yuzasidan kelishuvga erishildi. Jumladan, kadrlar almashinuvi, ilmiy ishlarni hamkorlikda olib borish, qo‘shma laboratoriyalar yaratish, xalq tabobatini rivojlantirish. Uchrashuv so‘ngida hamkorlik  memorandumi imzolandi.

  Tashrifning 2-kuni SamDTU delegatsiyasi Shinjon universiteti qoshidagi “Xalq tabobati markazi” ga tashrif buyurishdi. Bu markazda tashkil etilgan shart-sharoitlar, xalq tabobati yo‘nalishida giyohlardan tayyorlanishi yo‘lga qo‘yilgan dori vositalari, ularni tayyorlash usullari, markaz qoshida tashkil etilgan telemeditsina xizmatlari bilan tanishildi.

  Tashrif doirasida SamDTU delegatsiyasi Xitoy fanlar akademiyasi, Shinjon fizika va kimyo institutida ham bo‘lishdi. U yerdagi ilmiy-amaliy laboratoriyalar va unda olib borilayotgan ilmiy ishlar bilan tanishdilar.




SamDTU matbuot xizmati