Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

Samarqand

SAMARQAND – YER KURRSASINING SAYQALI

  Jahon sivilizatsiyasining qadimiy o‘choqlaridan biri, yer yuzining sayqali nomini olgan Samarqand mustaqil O‘zbekistonning yirik iqtisodiy va ilmiy-madaniy markazlaridan biri hisoblanadi.

  Endi Samarqand shahri nomining kelib chiqishi va uning ma’nosiga kelsak, bu boradagi bahslar hamon davom etmoqda. Ko‘pchilik Sharq mualliflari «Samarqand» so‘zining birinchi qismi, ya’ni «Samar» so‘zi shu shaharda asos solgan yoki shaharni bosib olgan kishi nomi bilan bog‘laydilar. Ayrim yevropalik olimlar, bu qadimdan qolgan, sanskritcha «Samaria»ga yaqin, ya’ni «yig‘ilish, yig‘in» so‘zidan kelib chiqqan deb izohlaydilar. Antik davr manbalarida shahar «Marakanda» deb atalgan. Bu balkim «Samarakanda»ning yunoncha aytilishidir. X - XI asrlarda yashagan olimlar Abu Rayhon Beruniy va Mahmud qoshgariy shahar nomining kelib chiqishini «Semizkent», ya’ni «semiz, boy qishloq, shahar» so‘zining buzib talaffuz qilinishi deb tushuntiradilar.

  Samarqand jahon shaharsozligi tarixida chuqur iz qoldirgan qadimiy maskanlardan biri hisoblanadi. Miloddan oldingi 1-ming yillikning o‘rtalaridan Samarqand Sug‘dning ma’muriy markazi bo‘lgan. Ko‘hna shaharning qoldiqlari Afrosiyob xarobalarida saqlanib qolgan. Rim tarixchisi Kvint Kursiy Ruf (1 asr) ning yozishicha Samarqand qal’asi devorining aylanasi taxminan 10,5 km bo‘lgan

  Qadimgi Sug‘d, jumladan Samarqand xalqi o‘z tarixi davomida bir necha marta chet el bosqinchilarga qarshi o‘z mustaqilligini saqlab qolish maqsadida mardonavor kurashib kelgan. 329-327 (m.o) yillarda Samarqand aholisi Spitamen boshchiligida Aleksandr Makedonskiy bosqiniga qarshi kurash olib borgan.

  Samarqand orqali Sharq va G‘arb savdosi amalga oshirilgan. Buyuk ipak yo‘lida Samaraqand muhim bo‘g‘in hisoblanar edi. Shahar savdogarlari Xitoy, Eron, Misr, Suriya, hindiston, Vizantiya bilan savdo sotiq qilar edilar. Aynan Samarqandda sharq va g‘arb madaniyatlari o‘zaro to‘qnashgan va bir-birini boyitgan. Shu bois sharqda keng tarqalgan maqolalardan birida «g‘arbda Rim, Sharqda Samarqand» deyilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak Samarqand va Rim insoniyat taqdirdagi buyuk xizmatlarni nazarda tutib «Boqiy» shaharlar nomni olganlar.

  1370 yilda Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’tirof etilishi Samarqand tarixi uchun yangi sahifa ochib berdi. Temur va temuriylar hukmronligi davrida Samarqand davlat poytaxti sifatida XIV asrning oxirlari XV –asrlarda Sharqning eng go‘zal shahri, Markaziy Osiyoning yirik iqtisodiy, siyosiy, madaniy markaziga aylandi. Bu davrda Samarqandda o‘nlab binolar, g‘arbiy qismida esa shahar qal’asi (34 ga ) barpo etildi.

  Uning ichida ikkita qasr - Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy, hunarmandchilik ustaxonalari, savdo rastalari, karvonsaroylar, hammomlar, shifoxonalar va boshqa madaniy – maishiy binolar qurildi. Amir va amirzodalar qal’adan tashqari Bog‘i Naqshi Jahon, Bog‘i Bihisht, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Shamol, Bog‘i Maydon, Bog‘i Zog‘on, Bog‘i Nav, Bog‘i Feruza, Davlatobod, Bog‘i Baland kabi bog‘lar bunyod etganlar.

  Shahar ichkarisi va tashqarisida Bibixonim Jome masjidi, Go‘ri Amir maqbarasi, Shoxi Zinda majmuasi, Ulug‘bek madrasasi, rasadxonasi kabi ko‘plab mashhur me’moriy obidalar yaratildi. Samarqand zamonasining yirik ilmiy markazlaridan biriga aylandi. Jahon mumtoz adabiyotining yirik namoyondalari Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar ham Samarqandda ta’lim olganlar.

  Samarqand XVI asrda shayboniylar davlatining poytaxti bo‘lganda ham, Buxoro xonligi davrida ham muhim iqtisodiy va madaniy markaz bo‘lib qolaverdi. Yalangto‘sh Bahodir hokimligi davrida Registon maydonida Sherdor (1619-1636), Tillakori (1646-1660) madrasalari, Xo‘ja Axrori Vale qabri oldida Nodir devonbegi madrasasi va boshqa binolar qurildi.

  2007 yil Samarqand shahrining 2750 yilligitantanali nishonlandi. Sharq durdonasi bo‘lmish shaharning yana bir bora bo‘y-basti bilan jahon sahnasiga chiqardi.

  Samarqand - O‘bekiston Respublikasi Samarqand viloyatidagi qadimiy shahar. Viloyatning ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi (1938 yildan). 1925-30 yillarda Respublika poytaxti. O‘zbekistonning janubi-g‘arbida, Zarafshon vodiysining markaziy qismida (Darg‘om va Siyob kanallari orasida) joylashgan. O‘rtacha 695 m balandlikda. Toshkentdan 300 km. Samarqanddan Toshkent-Dushanbe, Toshkent-Turkmanboshi, Toshkent-Uchquduq-Qo‘ng‘irot temir o‘llari, Katta O‘zbek trakti (Toshkent-Termiz yo‘li) o‘tadi. Shahar aholisi va xo‘jaliklari Shovdor, Bog‘ishamol ariqlaridan suv oladi. Iyulning o‘rtacha harorati 25,9°, eng baland harorat 40-42°, yanvar o‘rtacha harorati 0,2°, eng past harorat -26°. Maydoni 120 km². Aholisi 519600 ming kishi (2016); 1975-yil 299000, 1970-yil 267000, 1959-yil 196000, 1939-yil 136000, 1897-yil 55000, 1865-yil 26000. Samarqand shahar Kengashiga qarashli 4 shaharcha (Ingichka, Kimyogarlar, Farhod, Hishrov) mavjud.

  Samarqand shahri aholisining asosiy qismini o‘zbeklar, tojiklar va eronilar tashkil etadi. Shaharda hamda ruslar, armanlar, tatarlar, koreyslar, ozarbayjonlar, ukrainlar, yahudiylar, polyaklar bor.

Registon maydoni

  Qadimiy Samarqandga tashrif buyurgan sayyohlar bu muazzam shaharning yuragi bo‘lmish Registon maydoni va unda qad rostlagan uch madrasaning ko‘rki, salobatidan hayratga tushadilar. Uning nafis go‘zalligini soatlab tomosha qiladilar, sehrli oqshomlaridan taraladigan sukunat qo‘shig‘ini tinglaydilar. Registon - bu nom har bir samarqandlik uchun bag‘oyat tanish nom. Registon maydoni qadim-qadimdan boshlab Samarqandning boshidan kechgan shodlik va qayg‘uli kunlarning tirik, tilsiz guvohidir. Mirzo Ulug‘bek zamonasidan buyon bu maydon Samarqand ahli uchun Bosh maydon hisoblanadi. Samarqand hukmdorlarining farmonlari shu yerdan e’lon qilinadi. Yovga qarshi erk jangiga otlangan jasur lashkarlar, aynan, shu maydonda qasamyod qilishib keksalardan duo-fotiha olganlar... Registon maydonida olib borilgan arxeologik qazishmalarning ko‘rsatishicha, ibtidoiy jamoa davrida bu yerda ulkan changalzor bo‘lib eng qadimgi ovchilar changalzorda har xil yovvoyi hayvonlarni ovlaganlar. Qazishmalar paytida Registon maydonining eng pastki qatlamlaridan ibtidoiy odamlarning ov qurollari topilgandir. Antik davrda esa hozirgi Registon maydonidan Afrosiyob shaharchasi tomonga katta ariq o‘tkazilgan ekan. VIII-X asrlarda Registon maydoni o‘rnida juda ko‘plab imoratlar paydo bo‘la boshlaydi, chunki, Samarqandni istilo qilgan arablar Afrosiyobdan bir necha minglab mahaliy aholini majburlab ko‘chirgan edilar. Aynan shu davrlarda bu yerda xunarmandlarning ustaxonalari, savdo rastalari bunyod etiladi. XI-XII asrlarda hozirgi Registon maydoni o‘rni va atrofidagi mahallalar tashqi mudofaa devori bilan o‘ralib "tashqi shahar" nomi bilan atala boshlaydi. 1220 yili Afrosiyob Chingizxon tomonidan vayron qilingach, bu yerda yashashni iloji qolmaydi, tirik qolgan xalq hozirgi eski shahar tomonga, ya’ni, Registon maydoni atrofiga ko‘chib o‘tadi. Bu yerdan oqib o‘tuvchi kanal ancha kengayib sayozlasha boshlaydi. Shundan so‘ng, kanal uchun yangi o‘zan qazilib jilovlanadi. Kanalning eski o‘zanida juda ko‘p qum to‘planganligi uchun bu joy Registon, ya’ni, "qumloq joy" deb atala boshlandi. Sohibqiron Amir Temur davrida Registon maydoni o‘rnida markaziy bozor joylashgan edi, shuningdek, bu yerda jahongirning xotini Tuman og‘a tomonidan barpo qilingan usti yopiq savdo timi-rastalar qurilgan edi. Registon maydonining me’moriy tomondan shakllanishi Mirzo Ulug‘bek hukumronligi davridan boshlangan. Samarqandga 40 yil (1409-1449 y.) huqmronlik qilgan ulug‘ munajjim Mirzo Ulug‘bek bu shaharning obodonchiligi borasida hyech narsani ayamadi. Mirzo Ulug‘bekning farmoni bilan Tuman og‘a timining g‘arbiy tomonida hashamatli madrasa qurish boshlanadi.

  1420 yili qurib bitkazilgan bu madrasa o‘z salobati va go‘zalligi bilan zamondoshlarining hayratiga sazovor bo‘lgan edi. Madrasaning to‘rt burchagida to‘rtta baland minora bunyod qilinadi. Madrasaning ichki hovlisida bir necha qulay va shinam hujralar, darsxonalar yuksak mahorat bilan ikki qavatli qilib qurilgan edi. Shuningdek, madrasaning ichki va tashqi devorlari rang-barang koshinlar bilan bezatilgan edi. Madrasa hovlisidagi hovuzchada limmo-lim suv jimirlab turar, unga quyosh nuri tushgach esa, devorlardagi naqshlarga quyosh nuri urilib kishi ko‘zini qamashtirarli darajada aks-berar edi. Registonda Mirzo Ulug‘bek hashamatli madrasa qurishdan tashqari ulkan xonaqoh va ulug‘vor karvonsaroy ham bunyod qildiradi. Buning uchun ko‘hna imoratlar tekislanadi. Bulardan tashqari Mirzo Ulug‘bek, karvonsaroyning yaqinida yangi hammom ham bunyod qildiradi. Mirzo Hammomi nomi bilan mashhur bo‘lgan bu inshoot o‘z me’moriy yechimlari bilan temuriylar davri me’morchiligida alohida o‘rin egallagandir. Mirzo Boburning ta’rificha, bu xildagi ajoyib hammom Movarounnahr va Xurosonda yagona bo‘lgan. Shuningdek, hozirgi Registon maydonida Mirzo Shohruhning tarbiyachisi Alika Ko‘kaltosh tomonidan bunyod qilingan hashamatli masjid ham qad rostlab turgan. Mirzo Bobur Samarqand haqida yozar ekan, Ulug‘bek tomonidan Registon maydonida barpo qilingan Muqatta masjidini ham eslab o‘tadi. Ushbu masjid Ulug‘bek madrasasining janubiy tomonida qad rostlab turgan. Temuriylardan keyin Samarqand taxtiga o‘tirgan shayboniylar ham bu shaharning obodonchiligi borasida katta ishlar qildilar. Tarixchi Hofiz Tanish Buxoriyning yozishicha, Abdullaxon 1581 va 1587 yillarda, ikki marta, Samarqanddagi me’morchilik yodgorliklarini ta’mirlashga farmon bergan, shu maqsadda katta mablag‘ sarflangan.

  Registon maydoni XVII asrning boshlarida yana ulkan qurilish maydoniga aylandi. Bu yerda Samarqand hokimi Yalangto‘shbiy Bahodir biri - biridan go‘zal, hashamatli va ulug‘vor ikki madrasasini bunyod qildirdi. Ulug‘bek madrasasining qarama-qarshi tomonida qad rastlagan Sherdor madrasasini qurilishi 1619 yili boshlangan edi. Bu madrasaning loyihasini yaratgan me’morlar uni har tomonlama Ulug‘bek madrasasiga o‘xshatishga harakat qildilar. Shu tufayli Sherdor madrasasining peshtog‘ini balandligi, moviy gumbazlari, salobatli minoralari XV asrda qurilgan Ulug‘bek madrasasiga o‘xshab ketadi. Ammo, Ulug‘bek madrasasidan ikki asr keyin qurilgan Sherdor madrasasi uning takrori, nusxasi deyish adolatsizlik bo‘lar edi. Ammo, Sherdor madrasasining koshinlari, va bezaklari faqat o‘zigagina xos, betakrordir. Shuningdek, Sherdor madrasasining hovlisi va undagi hujralar ham o‘z me’moriy yechimlari bilan Ulug‘bek madrasasidan farq qiladi. Shuningdek, Sherdor madrasasi peshtog‘iga ishlangan sher, uning belidagi odamyuzli quyosh, va orqasiga qarab hadiksirab, hurkib borayotgan ohu tasvirlari ham bu madrasaning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi. Quyosh, sher va ohu tasvirlari qanday falsafiy g‘oyani anglatishi haqidagi bahslar haligacha o‘zinining tugal yechimini topgan emasdir. Sherdor madrasasining devorlarida uni qurgan usta-me’mor Abdul Jabborning va me’morchilik bezaklarini yaratgan mohir usta Muhammad Abboslarning nomlari abadiy muhrlanib qolgandir. Madrasa devorlarida, uni bunyod qildirgan Samarqand hokimi Yalangto‘shbiy Bahodirning nomi va uning nomiga bitilgan madhiya ham saqlangandir. Ushbu madrasa qurilgan paytda xalq orasida va hujjatlarda "Yalangto‘shbiyning katta madrasasi" deya atalar edi, ammo, keyingi davrlarda noto‘g‘ri ravishda Sherdor deya atalib ketgandir.

  Registon maydonida bunyod qilingan uchinchi madrasa Tillakori madrasasidir. Bu madrasa ham Yalanto‘shbiy Bahodir tomondan barpo qilingan bo‘lib, tarixiy manbalardan anglashilicha 17yil davomida qurilgandir. Tillakori madrasasining peshtog‘i ham xuddi Ulug‘bek va Sherdor madrasalariniki kabi baland va ulug‘vordir. XVII asrlarga kelib Amir Temur jome’ masjidi anchayin xarobaga aylangan, Registondagi Alika Ko‘kaldosh masjidi esa batomom yo‘q bo‘lgan edi. Shu sababli, Samarqand ahli yangi jome’ masjidga ehtiyoj sezar edi. Buni yaxshi anglagan Yalantushbiy Bahodir yangi quriladigan madrasada hashamatli masjidni ham uyg‘unlashtirishga qaror qidi. Me’morlar hukmdorni niyatini yaxshi angladilar va uni loyihaga ko‘chirdilar. Madrasa hovlisi ham bu yerga namoz o‘qishga keladigan namozxonlarga qulay qilib qurildi. Masjid va madrasani bezatishda juda ko‘plab oltin ishlatilganligi uchun uning devorlari yarqirab turardi. Shu sababli ham bu madrasa qurilgan davrlarda, "Yalangtushbiyning kichik madrasasi" deb atalganligiga karamay, keyinchalik, "Tillakori" degan nom bilan atalib ketdi. Tillakori masjid - madrasasining devorlardagi koshinlar va mozaik pannolar o‘z go‘zalligi bilan tanho, betakrordir. Registon maydonida qad rastlab turgan bu uch ulug‘vor madrasalarda bir necha asrlar davomida yuz-yuzlab tolibi ilmlar ta’lim olganlar. Uning hujralarida tunni tongga ulab ilm sirlarini egallaganlar. Ularga o‘z davrining ne-ne ulug‘ allomalari ta’lim berganlar. Bundan tashqari bu uchala madrasalarda Markaziy Osiyoning XV-XVII asrlardagi yuksak me’morchilik goyalari abadiy muhrlanib qolgandir. Registon bugungi kunlarda O‘zbekiston hayotidagi muhim madaniy tadbirlarni o‘tkazadigan bosh maydonga aylangandir.

Go‘ri Amir maqbarasi

  Sohibqiron Amir Temur Turon zaminining yirik davlat arbobi, buyuk sarkardasidir. U qudratli davlatni vujudga keltirgan. Amir Temur har gal uzoq yurishga otlanganda davlat poytaxti Samarqandga nevarasi Jahongir Mirzoning o‘g‘li Muhammad Sultonni valiahd qilib qoldirar edi.

  Go‘ri Amirga Amir Temur avlodlari dafn etilgan. Bu yerda sohibqironning piri Mir Sayyid Baraka va Sayyid Umarning qabri ham bor. Ulug‘ Shayx Mir Sayyid Baraka Kirmon viloyatidan bo‘lib, Amir Temurning ustozi hisoblanadi. U 1404 yilda Mozandaronda vafot etgan va Afg‘onistonning Andhud shahrida dafn etilgan. Amir Temur vasiyatiga ko‘ra jasadi Samarqandga Shohruh Mirzo tomonidan keltirilgan. Buyuk Sohibqiron o‘z jasadini uning oyog‘i uchiga qo‘yishlarini vasiyat qiladi.

  SAYYID UMAR - mashhur tasavvuf arbobi Sayyid Amir Kulolning to‘rtinchi o‘g‘li bo‘lib, Amir Temur zamonasida Samarqandda muhtasiblik mansabida xizmatda bo‘lgan. Aytishlaricha, faqat muhtasib podshohlarga tanbeh va yo‘l ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan. “Rashahot” asarida ta’kid-lanishicha, u 1400 yilda vafot etgan va Samarqand yaqinidagi Qavola mahallasiga dafn etilgan. Keyinchalik uning qabri Amir Temur dahmasi gumbazi ichiga ko‘chiriladi. Temuriylar qiblasida tug‘ tagidagi qabr Sayyid Umarnikidir.

  SHOHRUH MIRZO - temuriylar davlatining yirik hukmdori Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘lidir. U 1396-1409 yillarda avval Hirotda, Amir Temur vafotidan keyin buyuk Xuroson va Movarounnahrda temuriylar davlatining hukmdori bo‘lgan. Shohruh poytaxtni Samarqanddan Hirotga ko‘chiradi. Uning hukmronligi davrida Samarqand, Hirot va Marvda bir qancha bino va istehkomlar barpo etiladi, fan va madaniyat keng rivojlanadi. Shohruhning o‘g‘li Ulug‘bek va Boysung‘ur Mirzo ham bu sohada katta ishlarni amalga oshiradi.

  MUHAMMAD TARAG‘AY ULUG‘BEK-Amir Temurning kichik o‘g‘li Shohruh Mirzoning farzandidir. U buyuk munajjim va matematik, davlat arbobidir. Buyuk Ulug‘bek hukmronligi davrida Samarqandda hunarmandchilik, me’morchilik, adabiyot va savdo ravnaq topadi. Uning tashabbusi bilan Samarqand, Buxoro, G‘ijduvon va Marvda madrasalar quriladi. Ulug‘bek rasadxonasi, “Ziji Ko‘ragoniy” asari jahon ilmiga qo‘shilgan buyuk hissadir. Uning qabri Go‘ri Amir maqbarasida.

  MUHAMMAD SULTON - Amir Temurning katta farzandi Jahongir Mirzoning o‘g‘lidir. Hazrat sohibqiron kelajakda o‘z mamlakatiga Muhammad Sulton valiahd bo‘ladi deb hisoblagan. Biroq, Muhammad Sulton 27 yoshida kasallanib, Amir Temurdan oldin vafot etadi. Unga atab Go‘ri Amir obidalari qurdirilgan. U yerda madrasa, masjid, xonaqoh va boshqa yodgorliklar mavjud bo‘lgan. Muhammad Sulton qabri bobosi Amir Temur va amakilari Shohruh, Mironshoh va Ulug‘bekning yonidadir.

Shohi-Zinda

  Samarqandning qadimgi o‘rni Afrosiyobni tomosha qilgan sayyohlar uning janub tomoniga yursalar, qiyalikda joylashgan, moviy gumbazlari quyosh nurida yarqirab turgan Shohizinda ansanbmliga duch keladilar. Samarqandliklar uchun muqaddas ziyoratgohga aylangan bu ulug‘ yodgorlik uzoq-yaqindan kelgan sayyohlar uchun doimo suyukli ziyoratgohdir.

  “Samarqand marvaridi” degan nomga sazovor bo‘lgan Shohizinda ansambli nafaqat tarixiy-me’morchilik yodgorligi, balki, mashhur allomalar, avliyolar malikalar, lashkarboshilarning abadiy oromgohi hamdir. Bu yerdagi har bir maqbara faqat o‘zigagina xos bezaklar bilan qoplangan bo‘lishiga qaramay ularning barchasi yaxlit bir kompozisiyani, tugal bir me’morchilik asarini tashkil etadi. Shohizindaning yana bir qimmatli tomoni shundaki, bu yerda Samarqandning qariyib uch ming yillik tarixi mujassamdir. Shohizinda so‘zining ma’nosi “tirik shoh” bo‘lib, qariyib ming yildan buyon bu nom xalq o‘rtasida yashab kelmoqda. Musulmon tarixchilarining yozishlaricha, tirik shoh-Muhammad payg‘ambarimizning amakivachchasi Qusam ibn Abbosga berilgan unvondir. Samarqandlik tarixchi Abul Hakimiyning yozishicha, Qusam ibn Abbos payg‘ambarimizning muborak yuzlarini ko‘rgan oxirgi kishidir. Musulmon tarixchilarining yozishlaricha, Qusam ibn Abbos VIII asrlarda arab lashkarlari tarkibida Samarqandga kelgan va bu yerda dini islomni targ‘ib qilish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Bir kuni Qusam ibn Abbos namoz ibodati bilan mashg‘ul bo‘lib turganida kofirlar hujumiga uchragan va uzilgan boshini qo‘liga olib g‘or orqali yerning tagiga tushib ketgan. Shohizindana 14 va 15 asrlarda 11 ziyod maqbaralar qad rostlagan.

Ulug‘bek Rasadxonasi

  Ulug‘bek – asl ismi Muhammad Tarag‘ay (1394 yil 22 mart – 1449 yil 27–29 oktabr) – buyuk o‘zbek astronomi va matematigi, davlat arbobi, Temurning nabirasi. O‘rta Osiyo xalqlari ilm-fani va madaniyatini o‘rta asr sharoitida dunyo fanining oldingi safiga olib chiqqan olimlardan biridir. Movarounnahrda Ulug‘bekning homiylik davrida (1409–1449) Samarqand yanada gullab–yashnadi; hunarmandlik, me’morlik, adabiyot ravnaq topdi, ilm-fan yuksaldi, savdo rivojlandi. Ulug‘bekdan jahon fani va madaniyati rivojiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilgan katta ilmiy va madaniy meros qolgan. Shulardan biri Ulug‘bek rasadxonasidir. Samarqanddagi XV asr me’morligining nodir namunalaridan biridir. Bino Ulug‘bek farmoni bilan 1424–1429 yillari Ko‘hak (Cho‘pon ota) tepaligida, Obirahmat arig‘i bo‘yida bunyod etilgan. Rasadxona silindr shaklida uch qavatli, balandligi 30,4 metrdan iborat ulkan bino. Uning asosiy qismi radiusi 40,2 metrli gigant sekstant (ba’zi manbalarga ko‘ra kvadrat) bo‘lgan. Sekstantning janubiy qismi yer ostida joylashgan, qolgan qismi shimol tomonda yer sathidan 30 metr baland. Rasadxona o‘rta asrlarda asbob-uskunasi jihatidan ham beqiyos bo‘lgan. Sharq astronomiyasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan «Ziji Ko‘ragoniy» asari shu yerda yaratilgan. Qurilishga zamonasining mashhur olimlari-astronom, matematik, me’morlar jalb qilingan.

  1908 yili arxeolog V.L.Vyatkin (1869–1932) o‘zbek olimi, Shayboniyxon madrasasining mudarrisi Abu Sa’id Maxzumning ulug‘ xizmati yordamida, u bilan birgalikda xarobaga aylangan rasadxona qoldiqlarini tarixiy hujjatlar asosida topdi. Shundan keyin u o‘rganila boshlandi. Uzoq va sinchiklab tekshirish natijasida rasadxona silindr shaklida bo‘lganligi aniqlandi. Uning katta zallari, turli katta-kichik xonalari bo‘lgan. Boburning yozishicha, Ulug‘bek rasadxonasining sirti koshin va sirli parchinlar bilan bezatilgan. Rasadxona ichiga o‘rnatilgan juda katta asbob yordamida quyosh, oy, sayyora va yulduzlar katta aniqlik bilan o‘rganilgan. Rasadxonada kutubxona ham bo‘lgan. Ichki devorda osmon tasviri, yulduzlar xaritasi, tog‘, dengiz, mamlakatlar belgilangan Yer shari tasviri ishlangan. Hozir Ulug‘bek rasadxonasidagi sekstantning yer ostida saqlanib qolgan qismi balandligi bilan 11 metr keladi. 1964 yili Ulug‘bek rasadxonasi yonida Ulug‘bek muzeyi ochilgan.