Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

SamDTUda "Profilaktik tibbiyot, klinik amaliyot va epidemiologiyada molekulyar diagnostikaning zamonaviy yutuqlari" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi

  Joriy yilning 11-aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Molekulyar diagnostikaning profilaktik tibbiyot, klinik amaliyot va epidemiologiyada zamonaviy yutuqlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ish boshladi. SamDTU tomonidan tashkil etilgan anjumanda Sankt-Peterburg, Moskva, Novosibirsk, Ufa, Siktivkar (Rossiya) va O‘zbekistondan yetakchi olimlar, mutaxassislar, o‘qituvchilar, shifokorlar, yosh olimlar ishtirok etdilar.

  Tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev, Rossiya Federatsiyasi “Laboratoriya tibbiyoti federatsiyasi” uyushmasi prezidenti, professor Andrey Ivanov hamda “Vektor-Best” OAJ bosh direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, t.f.d.  Eduard Agletdinovlar tashkil etilgan konferensiyaning ahamiyati haqida gapirib, barcha ishtirokchilarga tabrik va tashakkurlarini bildirdilar.

  Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyadan asosiy maqsad molekulyar tibbiyotning dolzarb masalalarini muhokama qilish, klinik laboratoriya diagnostikasi, shuningdek, keng ko‘lamdagi tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tajribasini almashishdan iborat bo‘lib, zamonaviy laboratoriya va klinik tibbiyotning eng dolzarb jihatlarini qamrab oldi.

  Konferensiyaning asosiy qismida bir qator dolzarb masalalar muhokama markazida bo‘ldi. Jumladan, “Visseral leyshmaniozni tashxislashning zamonaviy yondashuvlari va usullari”, “Surunkali endometritni tashxislashda molekulyar tadqiqot usullarining imkoniyatlari”,“Parazitologiyada molekulyar biologik diagnostika usullari” va boshqa ko‘plab mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.

  Anjuman doirasida mehmonlar Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurib, universitetda yaratilgan shart-sharoitlar, ta'lim tizimi bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, universitet tarixi muzeyiga ham sayohat uyushtirilib, mehmonlar SamDTUning tashkil topishi va rivojlanishi bilan bog'liq qiziqarli ma'lumotlarga ega bo'ldilar.

  Tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman zamonaviy tibbiyotda, xususan, profilaktika va epidemiologiyada molekulyar diagnostikaning ahamiyatini tatbiq etish, sohada xizmatni yanada rivojlantirishga yordam beradi. Bundan tashqari anjuman xalqaro ilmiy aloqalarning yanada mustahkamlanishi va Respublikamizda tibbiy xizmatning yanada zamonaviylashuviga hissa qo‘shadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

SamDTU matbuot xizmati